- Ru
- En
- Uz
Yoshlar simfonik orkestri tarkibi iqtidorli yosh musiqachilardan iborat. Ularning aksariyati respublika va xalqaro tanlovlarning sovrindorlari. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev dirijyorlik qilayotgan mazkur ijodiy jamoa yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning musiqiy madaniyatini oshirishga oid ko‘plab loyihalar, ko‘rik-tanlovlar, ijodiy marafonlar, san’at bayramlari, konsertlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
– Yoshlarga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tibor ushbu ijodiy jamoa misolida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev. – Bu kabi ijodiy loyihalar orqali O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi, iste’dodi va salohiyati yuksak ekanini namoyon etmoqda.
Konsertda O‘zbekiston va jahon kompozitorlarining musiqiy asarlari ijro etildi. Jakomo Puchchinining "Turandot" operasidan ariya, Lyudvig Minkusning "Don Kixot" baletidan parcha, Xrisomallis Yannining "So‘nggi damda" kuyi, Agustin Laraning "Granada" qo‘shig‘i teran falsafa, jozibali ohanglarga boy bo‘lsa, Anvar Ergashevning "Baxt", Shuhrat Zokirovning "Sog‘inch" qo‘shiqlari, "Mavrigi"ning xalqona ohanglari qalblarni hayajonga soldi. Sahnadagi monitor orqali yurtimiz tabiatining betakror manzaralari, bahorning go‘zal tarovati aks ettirilgani musiqa va borliqning uyg‘unligi ifodasidir.
Ijodiy mahorat, izlanish, yoshlikka xos cheksiz ijodiy xayolot dunyosi chegara bilmas ekani yana bir karra namoyon bo‘ldi.