Xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirokida sport o‘yinlari uyushtirildi

Xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirokida sport o‘yinlari uyushtirildi

Maqola sanasi:23 May 2022

Toshkent shahridagi “Eco Park”da O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida sport o‘yinlari o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi va O‘zbekistan Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil qilindi.

Qayd etish joiz, yurtimizda diplomatik vakolatxonalar vakillariga faoliyat yuritish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, eng muhimi, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatni mustahkamlash maqsadida diplomatik sport o‘yinlari uyushtirilishi yaxshi an’anaga aylangan.

Bu gal ham yuqori saviyada uyushtirilgan musobaqa dasturiga stol tennisi, voleybol, shaxmat, badminton, shuningdek diplomatik missiya xodimlari oila a’zolari uchun shashka, estafeta va milliy o‘yinlar kiritildi.

Kun davomida ko‘tarinki ruhda o‘tgan turnirda Ozarbayjon, Belarus, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, AQSH, Rossiya, Tojikiston, Fransiya, Shveysariya, O‘mon va boshqa davlatlar diplomatik missiyalari vakillari, BMT, FAO, YeXHT, Jahon banki, SHHT vakolatxonalari hamda mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi xodimlari faol ishtirok etdi.

 

B.Xudoyberdiyev, N.Haydarov (surat), O‘zA