Toshkentda diplomatik vakolatxonalar ishtirokida madaniy an'analar va milliy taomlarning yorqin festivali bo‘lib o‘tdi

Toshkentda diplomatik vakolatxonalar ishtirokida madaniy an'analar va milliy taomlarning yorqin festivali bo‘lib o‘tdi

Maqola sanasi:24 Sentyabr 2022

TOSHKENT, 24 sentyabr'.  /"Dunyo" AA/. Bugun poytaxtimizdagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Markaziy bog‘da O‘zbekistonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar ishtirokida XVIII madaniy an'analar va milliy taomlar festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Festivalda 28 xorijiy davlat elchixonalari vakillari qatnashdi. Afg‘oniston, Ozarbayjon, Misr, Belarus', Germaniya, Gruziya, Hindiston, Italiya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Kuvayt, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Malayziya, BAA, Falastin, Rossiya, Ruminiya, Tojikiston, Turkiya, O‘mon, Chexiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘zlarining boy milliy rang-barangligini namoyish etdi. Bayram tadbirida, shuningdek, BMT, YeTTB, boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham faollik ko‘rsatdi.

Xalqaro tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi 2000 yildan buyon ana'anaviy Madaniy an'analar va milliy taomlar festivalini o‘tkazib kelayotgani, unda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan elchixonalar xodimlari o‘zlarining kulinarlik mahoratini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘layotgani qayd etildi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov mazkur an'anaviy festival' mamlakatimiz madaniy hayotini mazmunan to‘ldirayotgani, poytaxt aholisi va mehmonlariga xorijiy mamlakatlar madaniyati bilan tanishish imkoniyatini taqdim etayotgani, shuningdek, madaniyat va turizm sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shilayotganini ta'kidladi.

Shuningdek, ushbu festival' xayriya tadbiri ekani ham ma'lum qilindi. Milliy taomlar savdosidan tushgan barcha mablag‘lar Toshkent va Farg‘ona shaharlaridagi Mehribonlik uylariga topshiriladi.

Festivalda Hindiston elchisining turmush o‘rtog‘i, O‘zbekistondagi elchilar, diplomatlar va xorijiy vakillar xotin-qizlar klubi rahbari Ruchi Narain ham so‘zga chiqdi.

- Xorijiy diplomatik missiyalarga o‘z milliy madaniyati va taomlarini keng namoyish etish imkoniyati yaratilgani va ushbu go‘zal bayramni tashkil etgani uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga minnatdorchilik bildiramiz. Bugungi festivalda boshqa mamlakatlar qatori Hindiston vakillari ham faol ishtirok etmoqda. Men barcha ishtirokchilarni milliy pavilonimizga taklif qilaman, - dedi u. 

 

"Dunyo" AA