Tashqi ishlar vazirligi hisoboti eshitildi

Tashqi ishlar vazirligi hisoboti eshitildi

Maqola sanasi:25 Iyul 2019

2019-yil 24-iyul kuni Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi belgilangan maqsadli vazifalarning ijro etilishi bo‘yicha hisoboti eshitildi.

Majlisda Qo‘mita a’zolari, Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar vazirligi, davlat idoralari vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan  mamlakatimiz tashqi siyosatini ro‘yobga chiqarish, xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlarda, shuningdek xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda O‘zbekistonning davlat manfaatlarini va uning fuqarolari huquqlarini himoya qilish  borasida izchil faoliyat olib borilmoqda. Bunda vazirliklar, idoralar, muassasalarning xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ishini muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, 2019-yilda Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga 24 ta maqsadli vazifa yuklatilgan bo‘lib, ularning 21 tasini bajarish muddati 2019-yilning yanvar-iyun oylari etib belgilangan edi. Bu borada vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, yil boshidan buyon xorijga 6 ta oliy darajadagi rasmiy tashrif, O‘zbekistonga esa xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalar rahbarlarining 4 ta tashrifi tashkil etildi.

Joriy yilning boshida Samarqand shahrida Afg‘oniston ishtirokidagi “Hindiston - Markaziy Osiyo” formatida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi birinchi uchrashuv o‘tkazilgani va tadbir yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilingani respublikamiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etdi.

Joriy yil 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida Madaniyat vazirligi tomonidan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga Tashqi ishlar vazirligining ham salmoqli hissasi qo‘shildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan asos solingan BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondiga xorijiy hamkorlarning mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish mobaynida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida muayyan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ham aniqlandi. Jumladan, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish bo‘yicha vazifa doirasida belgilangan O‘zbekistonning milliy mahsulot va xizmatlarini jahon bozorlariga olib chiqish hamda mamlakatga sayyohlar oqimini oshirishda lozim darajadagi samaradorlikka hali erishilmagan.

Bundan tashqari, vazirlikning xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligini jadallashtirish, xususan fan va ta’lim sohalarida YuNESKO, MDH, ShHT kabi tuzilmalar bilan o‘tkaziladigan tadbirlar ko‘lamini kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Majlisda senatorlar tomonidan qator tavsiyalar va takliflar bildirildi hamda Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati