Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishdi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishdi

Maqola sanasi:06 Noyabr 2021

Toshkentda 2021-yil 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Marosimda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.


Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev ochdi. U 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi demokratik tamoyillar asosida, faol siyosiy raqobat muhitida o‘tganini ta’kidladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning 80,12 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini qayd etdi.


Markaziy saylov komissiyasi Raisi ishtirokchilar nomidan Shavkat Mirziyoyevni tabrikladi va unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasini topshirdi.


Prezident O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 92-moddasiga muvofiq, qasamyod qildi:

“O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.


Davlatimiz madhiyasi yangradi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar haqida nutq so‘zladi.


– Xalqimiz talablarini inobatga olgan holda, biz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdik va saylov jarayonida uni o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazdik, – dedi davlat rahbari. – Bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi.


Qayd etilganidek, ushbu taraqqiyot strategiyasi yetti yo‘nalishdan iborat.


Birinchi yo‘nalish erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etishga qaratilgan. Buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga o‘tkaziladi. Har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi. Tuman byudjeti qo‘shimcha manbalar bilan ta’minlanib, mahallaning alohida jamg‘armasi shakllantiriladi. Markaziy idoralar transformatsiya qilinib, ixcham va samarali boshqaruv tizimi yaratiladi, bir xil yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirayotgan idoralar optimallashtiriladi.


– Rahbar xalqqa yuk bo‘lmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak, – dedi Prezident.


Ikkinchi yo‘nalish adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson qadr-qimmatini ta’minlash vazifalarini qamrab olgan. Shu maqsadda sudlov tizimi va advokatura instituti, huquq-tartibot organlari faoliyati takomillashtiriladi. Tadbirkor va mulkdorlar huquqlarining himoyasi kuchaytiriladi. Korrupsiyaga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalari safarbar etiladi. Bunda aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, korrupsiyaning sabablarini oldindan bartaraf etish choralari ko‘riladi.


Uchinchi yo‘nalishda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi rejalar bayon etildi. 2030 yilga borib, jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga chiqish maqsad qilingani aytildi.


Bunga, avvalo, xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning ulushini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishiladi. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, inflyatsiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari ko‘riladi.


Aholini uy-joy va toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, zamonaviy yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo qatnovlarni yaxshilash bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshiriladi.


To‘rtinchidan, sifatli ta’lim-tarbiya masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi. Shu maqsadda o‘qituvchilarning oylik maoshini izchil oshirib borish va 2025 yilga borib, 1 ming dollar miqdoriga yetkazish ko‘zda tutilgan. Yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlashga qaratilgan Milliy ta’lim dasturi ishlab chiqiladi.


Aholi salomatligini saqlash uchun barcha sharoit yaratiladi. Kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ham 1 ming dollar ekvivalentiga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Viloyat, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi. Davlat tibbiy sug‘urta tizimi ishga tushirilib, mablag‘ aniq bemorga bog‘langan holda ajratiladi. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish muhim vazifa bo‘lib qoladi.


Beshinchi yo‘nalishga asosan ma’naviy va ma’rifiy sohalar rivojlantiriladi. Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Madaniyat va san’atni yuksaltirish, yoshlarni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash, millatlararo hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.


Oltinchidan, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish, bu boradagi barcha sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib borayotgani qayd etildi. Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida rivojlantirish, Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.


Yettinchi yo‘nalishda mamlakatimizdagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi vazifalar o‘z ifodasini topgan. Qurolli Kuchlarimizning qudrati yanada oshirilishi, harbiylarning jangovar shayligi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligi kuchaytirilishi aytildi.


Xalqaro hamkorlikda pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat, iqtisodiy diplomatiya davom ettiriladi. Avvalo, qo‘shni mamlakatlar va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali aloqalar kengaytiriladi.


– Prezident sifatida men mamlakatimiz tinchligi, el-yurt farovonligi, Vatan taraqqiyoti yo‘lida butun borlig‘imni bag‘ishlab, xalqimga sadoqat bilan xizmat qilishni hayotimning ma’no-mazmuni deb bilaman. Men uchun bundan boshqa oliy maqsad, baxt-saodat yo‘q. Siz, qadrli vatandoshlarimning chin dildan qo‘llab-quvvatlashingiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimizning duolari, aziz yoshlarimizning ishonchi menga katta kuch-g‘ayrat beradi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev so‘zining oxirida.


Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi yakunlandi.

 

UzА