Оzarbayjon Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv

Оzarbayjon Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv

Maqola sanasi:10 Fevral 2020

2020-yilning 6-favral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyarov bilan uchrashdi.
Turli sohalarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. O‘tgan yili ikki tomonlama savdo aylanmasining yuqori sur’atda o‘sganiga qaramay, tomonlarda o‘zaro savdoni yanada jadallashtirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. O‘zbekiston TIV rahbari Ozarbayjon ishbilarmon doiralarini joriy yilning 5-6-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif qildi.
Uchrashuvda parlamentlararo muloqotni, hududlararo aloqalarni faollashtirish, transport-kommunikatsiya, logistika, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda xalqaro tuzilmalar, xususan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) va MDH doirasidagi munosabatlarga doir masalalar ham muhokama qilindi.