- Ru
- En
- Uz
25
Apr
Joriy yilning 28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi, shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi rahbarlarining axborotlari eshitildi. Avval xabar berilganidek, 13-mart kuni parlament a’zolariga akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazining, shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazining faoliyati to‘g‘risidagi axborot taqdim etilgan edi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘ini bajarish bo‘yicha Qonunchilik palatasi tomonidan sog‘liqni saqlash sohasi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatish ishlari tizimli asosda olib borilayotganidan dalolat beradi.
Buning uchun parlament quyi palatasi huzurida Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va dori vositalari ta’minotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga ko‘maklashish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya tuzilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ushbu sohadagi ishlarning joriy holatini chuqur o‘rganish va tanqidiy tahlil qilish, eng dolzarb, o‘z yechimini kutayotgan muammolarni aniqlash, ularni hal etishga doir takliflar ishlab chiqish hamda muayyan choralar ko‘rishdan iboratdir.
Shu sababli muhokama davomida mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga asosiy e’tibor qaratildi. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya va Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazlari tomonidan Respublika hamda birlamchi tibbiyotning barcha bo‘g‘inlarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning keng qamrovli tizimi to‘liq tashkil etilmaganligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ushbu markazlar davolanuvchilarining 60 foizdan ziyodi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi fuqarolarga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatimiz hududlarida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda markazlar rahbarlari hamda yetakchi mutaxassislar tomonidan yetarlicha amaliy yordam ko‘rsatilmayapti.
Ixtisoslashtirilgan markazlarning xodimlari va mutaxassislarini xorijdagi yetakchi klinikalarda yangi tibbiy texnologiyalar hamda zamonaviy tibbiy uskunalarda ishlash bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, xorijdagi tibbiyot muassasalaridan jalb etilgan o‘zbek mutaxassislari uchun sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zaruriyati mavjud.
Bundan tashqari, markazlarning rasmiy veb-saytlarida ular faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq emas, shu sababli aholi keng qatlamining axborot olish imkoniyati cheklangan.
Ko‘z va kardiologiya kasalliklarini davolash, profilaktika qilish uchun mo‘ljallangan dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bo‘yicha tender savdolarini o‘tkazish tartib-taomili ancha soddalashtirishni talab qiladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha kompleksning qurilishini yakunlash uchun sotib olingan uskunalar rasmiyatchilik sababli bojxona omborlarida turibdi.
– Bugungi eshituv bizga o‘z faoliyatimiz, shu jumladan, yutuqlarimiz to‘g‘risidagi axborotning taqdimotini parlamentda o‘tkazish imkonini berdi. Shu bilan birga, deputatlar tomonidan ishimiz samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator takliflar bildirildi. Faoliyatimizning ayrim yo‘nalishlari asosli tanqidga uchradi, – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi shifokori M.Karimova. – O‘ylaymizki, xuddi shunday parlament nazoratining amalga oshirilishi bizning mas’uliyatimizni kuchaytiradi.
– Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi rahbarlari tomonidan taqdim etilgan axborotlar aholini qiziqtiradigan ko‘plab masalalarni qamrab oldi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Egamov. – Joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish uchun mamlakatimizning turli mintaqalariga borganlarida deputatlar tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Shu munosabat bilan muhokamalar jarayonida deputatlar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash uchun mazkur markazlar tomonidan joylarda qanday tadbirlar tashkil etilayotganligi to‘g‘risidagi masalaga to‘xtalib o‘tdilar. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholi bilan doimiy uzviy aloqani uzmaslik muhimdir. Maxsus yordamga muhtoj bo‘lgan oddiy fuqaro ham tegishli tibbiyot markazining har qanday mutaxassisi xizmatidan foydalana olishi lozim. Shu sababli mutaxassislarning malakasini, tibbiyot xodimlarining muloqot madaniyatini oshirishga e’tibor qaratish zarur, deb hisoblaymiz.
Umuman olganda, majlis qiziqarli bahs tarzida o‘tdi. Deputatlar aholining va partiyalar elektoratining manfaatlarini inobatga olgan holda, joylardagi haqiqiy ahvolni, shuningdek, ushbu muassasalar faoliyatini, aholining tegishli tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganish natijalariga asoslangan turli savollar bilan murojaat qildilar. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi rahbarlari deputatlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.
Majlis yakunlariga ko‘ra, Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi, qarorda barcha muhokama qilingan masalalar o‘z aksini topdi va yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tibbiyot markazlarining faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar belgilanib, ularning amalga oshirilishi ustidan doimiy parlament nazorati olib boriladi.
Muallif: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati