Diplomatlarning shaxmat bahsi

Diplomatlarning shaxmat bahsi

Дата публикации: 04 Март 2019

Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar shaxmat maktabida mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari oʻrtasida anʼanaviy shaxmat turniri boʻlib oʻtdi. 

Oʻzbekistonda barcha davlatlar bilan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. 

Sport turlarini rivojlantirish hamda ommalashtirishga, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilayotgan eʼtibor mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatlar hayotida ham oʻz ifodasini topayotir. Elchixonalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari oʻrtasida shaxmat va futbol boʻyicha muntazam oʻtkazib kelinayotgan turnirlar, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, koʻrgazma, anjuman va festivallar hamkor davlatlar bilan oʻzaro munosabatlarni yanada ravnaq toptirishga xizmat qilmoqda. 

Bu yil oʻn toʻrtinchi bor oʻtkazilgan mazkur shaxmat turnirida 84 ishtirokchi gʻoliblik uchun bahslashdi. 

Turnirda AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi jamoasi birinchi oʻrinni egalladi. “Lukoil Uzbekistan Operating Company” masʼuliyati cheklangan jamiyati ikkinchi oʻrin, Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi uchinchi oʻringa sazovor boʻldi. 

Diplomatlarning shaxmat turniri doirasida bolalar oʻrtasidagi shaxmat bahslarida esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakili gʻolib deb topildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining yana bir vakili ikkinchi, Tashqi ishlar vazirligi diplomatik vakolatxonalarga xizmat koʻrsatish byurosi vakili uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. 

Gʻolib va sovrindorlarga medal, diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. 

 
Nurillo Nasriyev, OʻzA